O‘zbekistonda karantin tufayli tayinlanishi kechikkan pensiyalar to‘liq qoplab beriladi, deya xabar bermoqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar 2022 yil 9 fevralda qabul qilingan [752-sonli] qonun bilan kiritilgan.

«Fuqarolar karantin tugaganidan keyin bir oy o‘tib murojaat qilgan taqdirda ham fuqarolarga pensiyalar karantin davrida pensiya huquqi paydo bo‘lgan vaqtdan tayinlanadi va bir yo‘la to‘lab berilishi belgilandi», — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, respublikada 2020 yil 24 martdan koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilingan va bugungi kunga qadar to‘liq bekor qilinmagan.

Bunda fuqaroning pensiya olish huquqi 2020 yil 24 martdan keyin paydo bo‘lib, pensiya tayinlash uchun 2022 yil mart oyida murojaat qilgan bo‘lsa ham unga pensiya huquqi paydo bo‘lgan sanadan boshlab to‘liq to‘lab beriladi.

Misol uchun — fuqaro (erkak) 2020 yil 1 may kuni 60 yoshga to‘ldi. Biroq, turli sabablar tufayli pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘z vaqtida murojaat qila olmadi hamda 2022 yil yanvar oyida (ya’ni 20 oydan keyin) pensiya tayinlash uchun murojaat qildi. Bunda ushbu fuqaroga 2020 yil 1 maydan pensiya tayinlanib, unga 2020 may — 2022 yil yanvar oylari (20 oy) uchun pensiyasi bir yo‘la hamda kelgusida har oylik pensiyasi to‘lanadi.