Navoiy davlat konchilik instituti davlat konchilik va texnologiyalar universiteti etib qayta tashkil etildi. Samarqandda esa davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti ochildi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti faoliyatida asosiy yo‘nalishlar etib sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish belgilangan.

Shuningdek, universitet yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshiradi. Ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va masofaviy ta’lim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etadi. Sanoat tashkilotlarining muammolarini yechish uchun ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantiradi, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Qolaversa, universitet professor-o‘qituvchilar nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlarida stajirovka va malaka oshiradi.

Universitet huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali negizida — Nukus konchilik instituti;
  • «Navoiy» ilmiy-texnologiya sanoat parki;

2022/2023 o‘quv yilida:

  • Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi negizida — Karmana politexnika texnikumi;
  • «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tizimidagi Nurota sanoat-konchilik kolleji negizida — G‘ozg‘on politexnika texnikumi.

Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumi va Zarafshon sanoat texnikumi universitet huzuriga o‘tkaziladi. Uning huzuridagi texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur ta’lim muassasalarida amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi.

Universitet o‘z huzuridagi ta’lim muassasalarining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Shuningdek, Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filiali talabalari o‘qishini tegishliligi bo‘yicha universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutida davom ettiradi. Navoiy viloyati hokimligi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Navoiyazot» AJ, «Navoiy issiqlik elektr stansiyasi» AJ, «Navoiyuran» DK va hududdagi boshqa sanoat korxonalari bilan birgalikda universitetning bakalavriat bosqichi yuqori kurs talabalarini va magistrantlarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qiladi va amaliyot o‘tash davrida haq to‘laydi.

Bundan tashqari, OTMda boshqaruv kengashi tashkil etiladi va unga «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ boshqaruv raisi Quvondiq Sanaqulov rahbarlik qiladi.

Kengash universitetning yaqin, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturini, moliyaviy yil uchun mo‘ljallangan biznes-rejasini, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazorat qiladi. Ta’lim jarayonining amaliyot bilan uyg‘unligini, xususan, talabalarning o‘quv jarayonida olgan nazariy bilimlari ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlaydi. Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantiradi.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorligini o‘rnatadi va ta’lim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etib, ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtiradi.

Boshqaruv kengashi ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilaydi. Nazariy ta’lim ulushini qisqartirib, amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshiradi hamda haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llaydi. Universitet rektori va prorektorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taqdimnoma kiritadi. Tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari tuzilmalarini tasdiqlaydi.

Universitetning tashkiliy tuzilmasiga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan yangi lavozim va tarkibiy bo‘linmalar hamda qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etadi.

Universitetga beriladigan huquqlar:

  • TOP 1 000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish;
  • Universitet faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
  • xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, ularga Boshqaruv kengashi tomonidan belgilangan miqdorda universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh va boshqa to‘lovlarni to‘lash;
  • professor-o‘qituvchilarni o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va «ustoz-shogird» tizimi bo‘yicha bajargan ishlarining natijasi bo‘yicha rag‘batlantirib borish.

Eslatib o‘tamiz, universitet faoliyati Davlat budjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, grantlar va homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan

Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshkulov va «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ boshqaruv raisi — bosh direktori Quvondiq Sanaqulov mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi.

Universitetga sohada 5 yillik stajga ega xodimlar tavsiyanoma asosida o‘qishga tavsiya etilganda, to‘lov-kontrakt miqdori kunduzgi ta’lim yo‘nalishidagi to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtiriladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab veterinariya va biotexnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli xorijiy OTMlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyalari hisobidan har yili alohida kvota ajratadi. Undan foydalangan talabalar kamida 3 yil davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning tizim tashkilotlarida ishlab beradi.

Qarorga ko‘ra, universitet Boshqaruv kengashi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilaydi. Muassasa Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritadi.

Uning tarkibida Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki tashkil etildi.

Qolaversa, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023 o‘quv yilidan «Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi» ta’lim yo‘nalishida ham kadrlar tayyorlanadi. Qamashi xizmat ko‘rsatish texnikumi negizida Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumi ochildi. 2022/2023 o‘quv yilidan veterinariya va biotexnologiya yo‘nalishlari uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasidan har yili alohida kvota ajratiladi.