2022 yilning mart oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha aholining inflyatsion kutilmalari 15 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning aholi tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari sharhida ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, ushbu ko‘rsatkich fevral oyida 14 foizga teng bo‘lgan.

Inflyatsion kutilmalari yuqori darajada shakllanayotganligiga qaramasdan, respondentlarning ko‘pchilik qismi inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutishayotganini bildirishgan.

Aholining inflyatsion kutilmalari dinamikasi, (foizda)

Respondentlar kelgusi davrda narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida valyuta kursining o‘zgarishi (54 foiz), import tovarlari hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi (49 foiz) hamda narxlarning sun’iy oshirilishini (37 foiz) ta’kidlagan.

Tadbirkorlik subyektlarning inflyatsion kutilmalari

Mart oyi yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari ham oshuvchi dinamikani ko‘rsatib, 15,4 foizgacha ko‘tarildi.

Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari dinamikasi (foizda)

Tadbirkorlar kelgusida narxlar oshishiga asosiy omillar sifatida valyuta kursining o‘zgarishi (51 foiz), yoqilg‘i va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (36 foiz) hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar natijasida xorijdan import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (22 foiz) kabi omillar sanalgan.

Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan biznes vakillarining 17 foizi kelgusida ish haqi va nafaqalarning oshishini, 14 foizi esa iqtisodiyotda raqobat muhiti yomonlashishi mumkinligi ta’kidlashgan.

Markaziy bank yil boshida 2022 yil uchun inflyatsiya darajasi 9 foizdan kamroq, yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi 6 foizdan yuqori bo‘lishini prognoz qilgan edi.

18 mart kuni yil boshidan buyon so‘m kursi AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlangani haqida yozgan edik. Shu sababli Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tardi. Markaziy bank raisining aytishicha, ushbu qaror milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu qaror fonida dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 62,40 so‘mga pasayib, 11 509,59 so‘mni tashkil qilgandi. Hozirga kunga kelib esa dollarning so‘mga nisbatn kursi nisbatan barqarorlashib, 1 AQSh dollari 11 408,50 so‘mga teng bo‘ldi (MBning 5 apreldan kuchga kiruvchi kurslariga ko‘ra).

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabr oyida kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari mos ravishda 16,5 foiz va 15,6 foizgacha oshgan edi. Bunda respondentlar yoqilg‘i narxlarining oshishi va so‘mning qadrsizlanishini umumiy narxlar darajasining kutilayotgan o‘sishiga ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida keltirgandi.

2018 yilda Markaziy bank inflyatsiya risklarini dastlabki bosqichda aniqlash maqsadida narxlarni muntazam monitoring qilish amaliyotini joriy qildi. Shu vaqtdan beri regulyator jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazib kelmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash Markaziy bankning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidlagan edi.

Inflyatsion kutilmalar — bu aholi va tadbirkorlarning kelgusidagi inflyatsiya darajasi to‘g‘risida taxminlari bo‘lib, ular iqtisodiy qarorlar qabul qilishda mazkur kutilmalarni hisobga oladilar. Ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar, sotuvchilar va xaridorlar inflyatsiya kutilmalaridan kelib chiqib, o‘zlarining kelajakdagi moliya-kredit va narx siyosatini tuzadilar, daromadlar, xarajatlar va kutilayotgan foyda miqdorini baholaydilar.

Iste’molchilar prognozlari yaqin kelajakdagi real inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa korxona ishlab chiqaradigan mahsulotlarga bo‘lgan talab va narxlar shakllanishiga ta’sir qiladi. Shunday qilib, inflyatsion kutilmalar — real inflyatsiya o‘sishining sabablaridan biridir. Shu nuqtai nazardan u mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ijtimoiy kayfiyatni shakllantiruvchi muhim ko‘rsatkichidir.