Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev mart oyi boshida kuzatilgan shakarga «ajiotaj» mavzusiga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Ayrim hududlarda shakar narxi asossiz oshgan. Ayniqsa Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida mavjud zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli, shakar narxi keskin oshgan. «Savol tug‘iladi. Ushbu hududlarning hokimlari va prokurorlari qayoqqa qaragan?», — dedi prezident.

Shuning uchun viloyat, shahar va tuman hokimlari har kuni o‘z hududidagi oziq-ovqat, ayniqsa un, shakar va yog‘ning narxini joylarda yurib o‘rganadi va barqarorlikni ta’minlash uchun tezkor tadbirlarni ko‘rib boradi.

Ayniqsa kirib kelayotgan Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatib, naxrlarni arzonlashtirish bu ulug‘ ayyom kunlarida katta savob ekanligini barcha tadbirkorlarga tushuntirishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Respublikaga chetdan bug‘doy, o‘simlik yog‘i va shakarni olib kelish bo‘yicha barcha masalalar hal qilib berilgani, endi buni aql bilan samarali tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi o‘rtalarida birjada shakar narxi 12 700 so‘mga, chakana savdoda esa 1 kg uchun 16 ming so‘mga yetdi.

17 mart kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi har bir lotda kuniga kamida 2000 tonna shakarni birja savdolari orqali sotish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari, har bir xaridorga bir savdo sessiyasida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar ta’minlangan holda 20 tonnadan ortiq bo‘lmagan miqdorda sotishga ruxsat berildi.

Ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham shakar mahsulotlariga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu davlatlar rasmiylariga ko‘ra, shov-shuvga chayqovchilik va sun’iy taqchillik sabab bo‘lmoqda.

24 martga kelib, shakarning birja narxi qariyb 30 foizga — 8735 so‘mgacha arzonlashdi. Xorazm shakar zavodi vakili narxlarning oshishida «vahima ichida katta hajmdagi mahsulotlarni sotib olib, narxlarning sun’iy ravishda oshishiga sabab bo‘lgan» tadbirkorlarni aybladi.