28 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududlar rahbarlarining tadbirkor va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Mutasaddi rahbarlar tarmoqlar va hududlar kesimida eksport faoliyatining bugungi holati, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va bu borada mavjud muammolar yuzasidan hisobot berdi.

«Tadbirkorlar va eksportchilar muammolarini hal qilishda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlar faoliyati qattiq tanqid qilindi», — deyiladi xabarda.

Foto: ITSV matbuot xizmati.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Ta’kidlanishicha, yuqorida qayd etilgan rahbarlarga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo‘yildi. Eksportga yo‘naltirilgan korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, ularni ishlab chiqarish va eksport faoliyatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga korxonalarga biriktirilgan xodimlar tegishli idoralar rahbarlari bilan birga shaxsan javobgar ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish hamda eksportga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash va safarbar qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi Bosh prokuratura tomonidan nazorat qilinishi aytildi.