Prezidentning 25 martdagi qarori [180-son] bilan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» tashkil etildi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram kanali xabar berdi.

Qaror bilan, markazga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:

  • inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar hamda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash;
  • inson huquqlarini ta’minlashga oid islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish.

Ma’lumot uchun, prezidentning «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori [4056-son] bilan ushbu Markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi etib belgilangan.

Shuningdek, markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi belgilangan.