Elektromobillarda taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar 2040 yilga qadar barcha litsenziya to‘lovlari va yig‘imlaridan ozod qilish taklif etilmoqda.

Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasida qayd etilgan.

Shunga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zavtosanoat"ga uch oy muddatda respublika hududida bosqichma-bosqich yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarni elektromobillarga o‘tkazishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasini yuklatish kutilmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillarda harakatlanuvchi shaxslar munitsipal (kommunal) mulkka tegishli bo‘lgan avtoturargohlardan foydalanganlik uchun to‘lovlarni to‘lashdan ozod etiladi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli choralarni ko‘radi.

Hududiy ma’muriyatlar Energetika vazirligi bilan birga quyidagi miqdorda to‘xtab turish o‘rniga ega bo‘lgan munitsipal (kommunal) mulkka tegishli bo‘lgan avtoturargohlarda kamida 2 dona (2 ta kanalli) tezkor usulda quvvatlantirish stansiyasi infratuzilmasini tashkil etadi:

  • 2022 yilda har 200 ta to‘xtash joyiga kamida 2 dona;
  • 2023 yilda har 150 ta to‘xtash joyiga kamida 2 dona;
  • 2024 yilda har 100 ta to‘xtash joyiga kamida 2 dona;
  • 2025 yilda har 60 ta to‘xtash joyiga kamida 2 dona;
  • 2026 yilda har 40 ta to‘xtash joyiga kamida 2 dona.

Bunda, 2 dona 2 ta kanalli 120 KVt quvvatlantirish stansiyasi uchun 630 kVA transformator bilan ta’minlash zarur. Quvvatlantirish stansiyalarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun kerak bo‘ladigan transformatorlarni quvvatlantirish stansiyalariga yaqin joylarga o‘rnatiladi.

Umumiy foydalanishda bo‘lgan yer uchastkalarida quvvatlantirish stransiyalarini hamda ularning har biri atrofida kamida ikkita elektromobil uchun to‘xtash joyini belgilash sxemasini stansiyalarning barcha injenerlik kommunikatsiya tarmoqlariga qulay joylarda o‘rnatilishini tasdiqlaydi. Bunday yer uchastkasi qismida doimiy foydalanish huquqi asosida tadbirkorlik subyektlariga quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatishga ruxsat beriladi.

Prezident qarori loyihasi muhokamasi 9 aprelga qadar davom etadi.

Avvalroq, mazkur loyiha bilan vazirlik, idora va barcha budjet tashkilotlari xizmat mashinalarining 2025 yilgacha kamida 10 foizi, 2030 yilgacha 100 foizi elektromobillarga almashtirilish taklif etilgani haqida yozgandik. Qolaversa, “tez yordam” mashinalari ham 2023−2026 yillarda elektrda harakatlanuvchi transportga o‘zgartiriladi.

Bundan tashqari, 2023 yildan yangi barpo etiladigan turar va noturar tijorat ko‘chmas mulklarida elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishni majburiy etib belgilash taklif etilmoqda. Qolaversa, Toshkent shahri va viloyatidagi barcha AGTKSH va AYOQSHlari elektromobilni quvvatlash stansiyalari bilan ta’minlanadi.