18 mart kuni prezidentning «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori [168-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram kanali ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 aprelgacha Universal Mobile Systems (MOBIUZ) kompaniyasini xususiylashtirish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, «O‘zdonmahsulot» AKning 25 ta don korxonasi 2022 yil 1 iyulgacha, qolganlari esa joriy yil yakunigacha bosqichma-bosqich savdoga chiqariladi.

2022 yil yakunigacha «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asakabank» banklarining davlat ulushlari savdoga chiqariladi.

2023 yil 1 iyulgacha «Xalq banki», «Mikrokreditbank», «Aloqabank», «Agro bank», «O‘zmilliybank» banklarining aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtiriladi.

Xususiylashtirishda boshlang‘ich narxni e’lon qilmasdan talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan sotish uslubi joriy etiladi.

Qaror bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1501 ta ko‘chmas mulk obyektining ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga Tashkent City bog‘i ham kiritilgan.

1 apreldan mahalladagi hokim yordamchilari tomonidan bo‘sh turgan davlat obyekti yoki yerlar aniqlanib:

  • 2000 kvadrat metrgacha obyektlar — hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksionga chiqariladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar — Yerelektron tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma 3 kunda tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi va ijobiy xulosa bo‘lganda, 2 haftada onlayn-auksionga chiqariladi;

Vazirlik va idoralar, hokimliklarning 3 oydan ko‘p foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyektlari ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oktabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Tashkent city ishbilarmonlik markazidagi dam olish va istirohat bog‘ini kelgusida xususiylashtirish va saqlash (ekspluatatsiya) yuzasidan «Master plan» ishlab chiqish uchun professional tashkilotni tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 17 dekabrdan boshlab Tashkent City bog‘iga kirish pullik bo‘lgan edi. 2021 yil 14 oktabrdan esa bu tartib bekor qilinib, bog‘ga kirish bepul bo‘ldi.