24 mart kuni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi (91-sonli) prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda ochiq elektron tanlov natijalarini olishda hokim qarori talab qilinmaydi.

Ilgari ijara shartnomasi tuzilmasdan avval hokim qarori qabul qilinishi kerak edi.

Shuningdek, dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik beriladi.

Ma’lumot uchun, 2019 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, hokimlarning auksion g‘olibi nomiga yer uchastkasini ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinishi haqida prezident qarori qabul qilingan edi.

Shuningdek, prezident 4 iyundagi yig‘ilishda hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinishini ma’lum qilgandi.