Angliyaning Uembli stadioni 1 iyun kuni Yevropa va Janubiy Amerika chempionlari o‘rtasidagi finalga mezbonlik qiladi. Bu haqda UEFA o‘z rasmiy saytida ma’lum qildi. Unda Yevro-2020 g‘olibi Italiya terma jamoasi Amerika kubogi sovrindori Argentinaga qarshi bahs olib boradi.

Janubiy Amerika Futbol Konfederatsiyasi (CONMEBOL) Argentina o‘tgan yili qit’a chempionatida g‘alaba qozonganidan ikki kun o‘tib UEFAga o‘yin taklif qildi. 2021 yil 15 dekabrda UEFA va CONMEBOL yangilangan va kengaytirilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Shundan so‘ng, ular Yevro va Amerika kubogi g‘oliblari o‘rtasidagi o‘yinni o‘tkazishga qaror qildi.

Mazkur o‘yin Finalissima (italyancha “grant-final”) deb nomlandi. U 90 daqiqa davom etadigan bir martalik o‘yin bo‘ladi. Qo‘shimcha vaqt yo‘qligi hisobiga asosiy vaqt oxirida natija durang bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri penaltilar seriyasiga o‘tiladi. O‘yinga ikki konfederatsiya birgalikda hakamlar tayinlaydi.

O‘yin 2022 yil 1 iyun, chorshanba kuni Angliyaning London shahridagi Uemli stadionida bo‘lib o‘tadi. Chiptalar 24 mart kuni sotuvga chiqariladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu UEFA va CONMEBOL tomonidan uyushtirilgan qit’alararo 3-uchrashuv bo‘ladi. 1985 yilda Fransiya Parijda Urugvayni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, sakkiz yil o‘tib Argentina o‘z maydonida penaltilar seriyasida Daniya ustidan g‘alaba qozongan edi.

Fransiya va Urugvay jamoalari.1985 yil. Foto: UEFA.

Argentina va Daniya jamoalari.1993 yil. Foto: Soccer Nostalgia.