Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maryam Ixtiyorova 1939 yilning 21 aprelda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tavallud topgan. Teatr va rassomchilik san’ati oliygohida tahsil olgan.

Maryam Ixtiyorova o‘z faoliyatini 1959 yilda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida boshlagan. U o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida “Vodillik kelin”, “Bomba”, “Dev bilan pakana”, “Kelgindi kuyov” kabi ko‘plab filmlarda va spektakllarda rol ijro etgan.

Shuningdek turli radioeshittirishlar va xajviy teleko‘rsatuvlarda ham muntazam qatnashgan.

Ko‘p yillik faoliyati davomida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1997 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” kabi unvonlar hamda 2016 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.