O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan Polsha hududi orqali evakuatsiya qilish jarayoni o‘z nihoyasiga yetdi, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.

O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, bu juda murakkab va xavotirli davr bo‘ldi «Dunyo» AAga evakuatsiya qilish jarayonlari qanday kechgani haqida so‘zlab berdi.

«Lvov shahrida to‘plangan O‘zbekistonning dastlabki o‘ttiz nafar fuqarosi 27 fevral kuni ertalab „Krakovets-Karchova“ nazorat-o‘tkazish punkti orqali Ukraina-Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Kunning o‘rtalariga kelib oqim ko‘paya boshladi va kechga boriboq Polsha hududidagi nazorat-o‘tkazish punktida 400 nafarga yaqin odam to‘plandi. Mamlakatimiz fuqarolari orasida bolali ayollar, talabalar, Ukrainada vaqtincha o‘qigan yoki ishlagan kompaniyalar xodimlari bor edi», dedi u.

Elchining ta’kidlashicha, chegarada asosan Ukraina fuqarolaridan iborat qochqinlar guruhlari to‘plangan va Polshaga o‘tib olish uchun salkam 20 soatgacha kutishga to‘g‘ri kelgan.

Varshavadagi elchixonada tuzilgan shtab 18 kun davomida tunu kun ishlagan. «Jamg‘arish punktida O‘zbekiston fuqarolarining tunashlari uchun barcha sharoitlar tashkil etildi — issiq ko‘rpalar yetkazildi, zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi, issiq ovqat tashkil etildi», — dedi Bahrom Boboyev.

28 fevral kuni birinchi samolyot Katovitse shahri aeroportidan Toshkentga uchib ketdi. Har kuni «Uzbekistan Airways» tasarrufidagi 2−3 ta maxsus samolyot Toshkentga uchdi. Polshadan hammasi bo‘lib 25 aviareys vositasida 5786 nafar fuqaro O‘zbekistonga yetkazildi.

«Dastlab O‘zbekistonga uchishni xohlovchilar soni 1,5−2 ming nafardan oshmasligi taxmin qilingan edi, biroq Ukrainadagi tez o‘zgaruvchan vaziyat bu taxminlarga mos kelmadi. Odamlarning kelishi oqimi kun sayin o‘sib bordi, 2−4 mart kunlari esa ularning soni juda ko‘paydi — o‘sha kunlari to‘planish nuqtasi va aeroportning har birida Vatanga uchishni istayotgan 700−800 nafardan odam to‘plandi», — dedi elchi.

Bundan tashqari, turli sabablarga ko‘ra yonida zarur hujjatlari bo‘lmagan fuqarolarga konsullik tomonidan vatanga qaytishlari uchun 322 ta guvohnoma berilgan.

Bahrom Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar orasida O‘zbekiston Ukrainadan o‘z fuqarolarini birinchi bo‘lib evakuatsiya qildi. «Ushbu mas’uliyatli va insonparvarlik tashabbusi Polsha rahbariyati, xususan, mamlakat prezidenti, Tashqi ishlar vazirligi va parlamenti tomonidan yuqori baholandi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday fors-mojor holatlar tez-tez sodir bo‘lmaydi va bu holatda [koronavirus] pandemiya boshlanganidan keyin fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha to‘plangan tajriba as qotgan.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar xohlagan taqdirda jangovar harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga qaytishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» 25 fevralda O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qilishi haqida yozgandi. Ertasi kuni Ukrainada 90 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolaridan iborat birinchi evakuatsiya guruhi Polsha chegarasiga qarab yo‘lga chiqdi.