Bugun soat 07:22 larda Toshkentning Uchtepa tumani Chilonzor 23-mavze 31-uy oldida daraxt avtomashinalar ustiga qulaganligi bo‘yicha Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushgan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: FVV

Voqea joyiga zudlik bilan 1 ta qutqaruv ekipaji yetib borgan. Daraxt qulashi natijasida 6 ta (Kia, Jentra, Nexia-3, Damas, Cobalt, Niva) yengil avtomobil shikastlangan. Hozirda yuzaga kelgan vaziyat oqibatlari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etilmoqda. Hodisa oqibatida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar yo‘q.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholidan kuchli shamol va yog‘ingarchilik vaqtida avtotransport vositalarini daraxtlar ostida qoldirmaslikni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet yog‘ingarchiliklar mart oyi oxirigacha davom etishi, 18 mart kuni ayrim hududlarda shamol tezligi 22−27 m/s gacha kuchayishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.