Oliy ta’lim muassasalarini tugatganda yoki o‘qishni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirganda aylanma varaqani to‘ldirish bekor qilinib, HEMIS axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda:

  • talaba o‘z profili orqali elektron aylanma varaqasini olish uchun so‘rov jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • oliy ta’lim muassasasidagi buxgalteriya va kadrlar bo‘limi, fakultet dekanati, axborot resurs markazi hamda yotoqxona mas’ullari tomonidan talabaning elektron aylanma varaqasi shakllantiriladi;
  • talaba o‘z profili orqali shakllantirilgan aylanma varaqa va unga kiritilgan izohlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmasligini, shuningdek, endi talabalar guvohnomasi ham ID karta shaklida bo‘lishini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, HEMIS — bu Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi bo‘lib, u «Ma’muriy boshqaruv», «O‘quv jarayoni», «Ilmiy faoliyat» va «Moliyaviy boshqaruv» axborot tizimlarini o‘z ichiga olgan.