O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Rossiya hukumati tomonidan g‘alla va shakar eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq va bu cheklovlarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siri yuzasidan izoh berdi.

«Shakar va un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2022 yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan zurur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan», — deyiladi xabarda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ikkita shakar zavodi — «Xorazm shakar» va «Angren shakar» faoliyat yuritmoqda. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy zavodlar shakar xomashyosini Braziliyadan jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda xarid qilishmoqda.

Xususan, 15 mart holatiga ko‘ra, mazkur zavodlarda 260 ming tonna shakar mahsuloti zaxirasi mavjud. Shundan 40 ming tonna tayyor shakar va 32 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar yana 178 ming tonna xom ashyo yetkazib beriladi.

Bug‘doy va un

Shuningdek, 2021 yilgi mavsumda jami 6,7 mln tonna bug‘doy yetishtirilgan bo‘lib, shundan 2,5 mln tonnasi respublika zaxirasiga joylashtirilgan, 4 mln tonnasi esa fermerlar va aholi ixtiyorida qolgan.

Bundan tashqari, prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekistonga bug‘doy uni yoki bug‘doy-javdar unini olib kirishda bojxona boji undirilmaydi. 2021 yilda xususiy sektor tomonidan 2,8 mln tonna bug‘doy va 0,4 mln tonna un import qilingan, 1 mln tonna un qo‘shni davlatlarga (asosan Afg‘onistonga) eksport qilingan.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, 2021 yilda 27 ming tonna shakar importi amalga oshirilgan, bu mamlakat ehtiyojining 5 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida, ichki bozordagi ehtiyojning 1 foizi Rossiya va 0,7 foizi Ukraina davlatlaridan importga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, bug‘doy bo‘yicha ichki bozordagi ehtiyojning 0,2 foizi Rossiya davlatidan importga to‘g‘ri kelgan, Ukrainadan esa umuman bug‘doy import qilinmagan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Ukrainada shakar va bug‘doy eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekiston ichki bozorlaridagi ehtiyoj va narxlarga ta’sir qilmaydi.

«Shuningdek, respublika aholisini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar va un mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilgan. Umuman olganda, bugungi kunda ichki va tashqi bozorlardagi shakar va un ishlab chiqarish bo‘yicha barqaror holat kelgusida shakar narxining oshishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘qligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Birjada shakar narxining oshishi

Chorshanba kuni «Gazeta.uz» tovar-xom ashyo birjasi (UzEx) ma’lumotlariga tayanib, 1 martdagi birja savdolari yakunlariga ko‘ra, shakarning o‘rtacha narxi 8227 so‘mni tashkil etgani, 15 martda esa narx 9085,8 so‘mga (+10, 4%) oshganligini xabar qilgan edi. 16 mart kuni narxlar kunlik hisobda 10,1% ga — 10008,1 so‘mga ko‘tarildi. Oy boshidan buyon o‘sish darajasi 21,6% ni tashkil etdi.

«Ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilmoqda», — deya qayd etilgan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi xabarida. Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi birja savdolariga bir oyda kamida 30 ming tonna shakar (kuniga 1000 tonnadan ortiq shakar) qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.

UzEx ma’lumotlariga ko‘ra, 14 mart kuni birja savdosida 1900 tonna, 15 mart kuni 2927 tonna, 16 mart kuni 2000 tonna shakar sotilgan.

Jahondagi vaziyat

Shakarga nisbatan yuqori talab Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda kuzatilmoqda. Bir qator hududlarda do‘konlar peshtaxtalarida shakarning yetishmayotganligi ayrim vijdonsiz tadbirkorlar tomonidan qo‘zg‘atilgan ajiotaj bilan bog‘liq, deya ma’lum qildi Rossiya monopoliyaga qarshi kurash federal xizmati. Avvalroq monopoliyaga qarshi kurash xizmati shakarga bo‘lgan ajiotaj talab va ko‘tarilgan narxlarni rag‘batlantiruvchi sun’iy taqchillik yaratilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ogohlantirib, qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishini ma’lum qilgan edi.

15 mart kuni Rossiya Federatsiyasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov mutasaddi tashkilotlarga «yagona ta’minot zanjirida shakar narxining sezilarli darajada oshishi kuzatilayotgan bo‘g‘inni aniqlash» yuzasidan topshiriq berdi. «Interfaks» Rosstat ma’lumotlariga tayanib, Rossiyada shakarning iste’mol narxlari 5 martdan 11 martgacha bo‘lgan muddatda — hafta davomida — 12,8 foizga oshganini xabar qildi.

Rossiyaning Qozog‘istonga shakar eksportini taqiqlashi fonida Qozog‘istonda ham bu mahsulotga yuqori talab yuzaga kelib, mahsulot peshtaxtalar va bozorlardan yo‘qolib qola boshladi, narx esa keskin ko‘tarildi. Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi raisi Serik Jumangarin Qozog‘istonda shakarning sun’iy taqchilligi yuzaga keltirilganini ma’lum qilib, buning uchun «do‘konlarga shakarni qasddan yetkazib bermagan» ulgurji sotuvchilarni aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda shakar mahsuloti yetarli — «uni qoplab saqlab qo‘yishning hojati yo‘q, bu ahmoqlik». «Agentlik shakar zavodlariga bordi, ulgurji sotuvchilarga va hokazolarga, u yerda narx oshishini kutib zaxiralar ushlab turilgani, sotuvga chiqarilmaganini aniqladik. Ularning hammasi jazolanadi», — deya qo‘shimcha qildi Jumangarin.

Narx spekulyatsiyasi, shuningdek, Olmaotada ham kuzatildi. O‘tgan dam olish kunlari shaharda shakarga bo‘lgan talab keskin oshdi. Ayrim bozorlarda shakar kilogrami 650 tengedan (14469 so‘m) sotildi, ayni paytda yirik savdo tarmoqlarida — 285 tengedan (6 344 so‘m). Ammo uni bir xaridorga 5 kilogramdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda sotishdi, deb yozmoqda «Xabar». Ba’zi shaharlarda shakar sotib olayotganda talashish va navbatlarni ham ko‘rish mumkin edi.

Shu bilan birga, mamlakatda shakar ishlab chiqarish hajmining pasayishi kuzatilmoqda.

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Qirg‘izistonda shakar 24,45% ga qimmatlashgan. 9 mart kuni mahsulot narxi 74,645 som bo‘lgan bo‘lsa, 16 mart kuni 92,89 somgacha (10020 so‘m) ko‘tarilgan.

Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Davlat moddiy zaxiralari jamg‘armasiga shakar va o‘simlik moyi bozorida tovar intervensiyasini amalga oshirish vazifasi topshirilgan. Bundan tashqari, agentlik tomonidan ulgurji narxlarning minimal miqdori o‘rnatildi: shakar uchun 1 kilogrami 65 som (7012 so‘m), o‘simlik moyi uchun — 124,5 som/l (13431 so‘m) qiymatida.