O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 24-yalpi majlisida Ukrainadagi vaziyat to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Birinchidan, Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ikkinchidan, biz vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdorimiz. Lekin buning uchun birinchi navbatda harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur», — deya ma’lum qildi Abdulaziz Kamilov.

TIV rahbari O‘zbekiston har ikki mamlakat bilan o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.

«Biz bugungi og‘ir kunlarda Ukrainaga gumanitar yordam beramiz va hozirgi og‘ir vaziyatni inobatga olib, ushbu yordamni berishni davom etamiz», — deya ma’lum qildi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Toshkentdagi elchisi O‘zbekistonga 28 tonna insonparvarlik yordami jo‘natgani uchun minnatdorchilik bildirgan edi.

«O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — dedi tashqi ishlar vaziri.