Qonunchilik palatasining 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Hujjatda haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yengil avtotransportda yo‘lovchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tashuvchi maqomini berilishi ko‘zda tutilmoqda.

«Demak, yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zi olib yuradigan yo‘lovchilarning oldidagi fuqarolik majburiyatini sug‘urtalash kerak. Shuningdek, haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yengil avtotransportda tashish buyicha xizmatlar ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yo‘lovchilarning hayoti sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilinishi belgilanmoqda», — dedi deputat Akshagul Tulegenova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «taksist, to‘rtta yo‘lovchini o‘zi bilan olib yuradi, yo‘l transport hodisalariga uchrashi mumkin. O‘shanda tashuvchi o‘zi to‘lagan sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilib, yo‘lovchilarning sog‘lig‘iga, mol-mulkiga yetkazgan zararini to‘lab beradi».

Deputat O‘ktam Islomov «tashuvchiga belgilanayotgan majburiy sug‘urtani ixtiyoriy bo‘lishi kerak», deya munosabat bildirdi.

«Bu narsa ixtiyoriy bo‘lishi kerak bo‘ladi. Chunki, [avtomashina] avtoxalokatga uchragandan keyin fuqarolarga yoki yukga nisbatan yetkazilgan zararni qoplash bu avvalo tashuvchining majburiyati hisoblanadi. Agar bu narsani [tashuvchi] xohlaydigan bo‘lsa sug‘urta qilish kerak… Lekin, biz buni majburiyat etib yuklab „sen albatta majburan sug‘urta qilinasan“ deyishimiz noto‘g‘ri bo‘ladi», — dedi u.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa bu qaror to‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.

«Ba’zida ko‘pchilikning manfaati uchun ozchilikka qandaydir majburiyat yuklashga to‘g‘ri kelayapti. Chunki, to‘rt mingga yaqin yakka tartibdagi tadbirkor sug‘urta qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Lekin, biz bu sug‘urta orqali to‘rt mingga yaqin yakka tartibdagi tadbirkor taksichilik xizmatini ko‘rsatadigan 400 ming, balki 4 million kishining huquqlarini himoya qilgan bo‘lamiz. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu qonuniy to‘g‘ri qaror», — dedi deputat.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 7 maydagi qarori bilan 2022 yil 31 dekabrgacha muddatga eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilgandi.