Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika tizimlarining tizim operatorlari vakillaridan iborat «Energiya» muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining («Energiya» MDM, Toshkent shahrida joylashgan) maxsus komissiyasi 25 yanvar kuni sodir bo‘lgan elektr uzilishi sabablarini tekshirishni yakunladi. Bu haqda Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi saytida xabar berildi.

«Komissiya avariyaga O‘zbekiston energetika tizimidagi uzilish sabab bo‘lganini aniqladi», — deyiladi xabarda.

Shu kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:59 da «Sirdaryo IES va 500 kV „Toshkent“ podstansiyasini bog‘lovchi 500 kV yuqori kuchlanishli havo uzatish liniyasining chiziqli ajratgichida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan».

«Keyinchalik birinchi va ikkinchi 500 kV shina tizimlarining differensial himoyasining haddan tashqari ishlashi Sirdaryo IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, stansiyaga tutash elektr tarmoqlarida bir necha marta uzilishlarga va Qozog‘istonning Yagona elektr energetika tizimining (YAET) 500 kV shimoliy-sharqiy-janubiy tranzitiga 2100 MVt quvvat yuborilishiga (ruxsat etilgan darajadan 7 baravar yuqori) olib keldi», — deyiladi xabarda.

«Qozog‘iston janubidagi KEGOC elektr tarmoqlari va elektr stansiyalarining avariyaga qarshi avtomatikasi tizimdagi avariya holatlarida energiya tizimini ajratish talablarini inobatga olgan holda normal rejimda ishladi. Buning evaziga Qozog‘istonning janubiy zonasidagi iste’molchilarning to‘liq uzilishining oldini olish, mamlakat janubidagi iste’molchilarning qariyb 60 foizini elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlari to‘liq quvvatsizlantirildi», — deyiladi xabarda.

KEGOC’dan qo‘shimcha qilinishicha, avariyani bartaraf etish va barcha iste’molchilar uchun cheklovlarni olib tashlash uchun Qozog‘istonda 4 soat vaqt ketgan, Qirg‘izistonda bir sutkadan ko‘proq vaqt ichida sxema va rejim tiklangan, O‘zbekistonda esa iste’molchilarni energiya bilan ta’minlash to‘rt kun davom etgan.

KEGOC blekautga avariya yuz bergan kuni Sirdaryo IESdagi nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. 26 yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi vakili ushbu issiqlik elektr stansiyasida nosozlik yuz berganini tasdiqladi. Siyosatshunos, energetika sohasi eksperti Petr Svoik ham «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida kollapsga Sirdaryo IESdagi qisqa tutashuv sabab bo‘lganini ta’kidladi.

25 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha bosh vazir raisligida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya hozircha uzilishlar sabablarini ma’lum qilgani yo‘q.

Prezident ishtirokida 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston energetika tizimi 200−500 kV magistral tarmoqlarga to‘liq ulanmagani uzilish sabablaridan biri ekanligi aytildi. Shavkat Mirziyoyev energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va elektr ta’minotini avtomatlashtirish loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.