Moliya vazirligi O‘zbekistonning 2021 yildagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, jumladan, so‘mning real va nominal almashuv kursiga oid sharhini e’lon qildi.

Nominal almashuv kursi — davlat valyutasining boshqa valyutadagi qiymati yoki valyutani ayirboshlash mumkin bo‘lgan joriy kurs. Real samarali almashuv kursi (REER) — asosiy savdo-hamkor mamlakatlar valyutalariga nisbatan nominal almashuv kurslarini ham, tegishli mamlakatlardagi narxlar darajasining nisbatini ham hisobga oluvchi indeksdir.

So‘mning real almashuv kursi

2018−2021 yillarda so‘mning real samarali almashuv kursi asosiy savdo-hamkorlar valyutalariga nisbatan (2018 yil yanvarga nisbatan) o‘rtacha 31,5 foizga mustahkamlandi. Bu, o‘z navbatida, milliy ishlab chiqaruvchilarning asosiy savdo hamkor davlatlar ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Xususan, 2018−2021 yillarda so‘mning real almashuv kursi (2018 yil yanvarga nisbatan) Rossiya rubliga nisbatan 25,9 foizga mustahkamlandi. Natijada Rossiya bilan savdo balansining manfiy saldosi 2,4 martaga oshib, 1,4 mlrd dollardan 3,4 mlrd dollargacha yetdi. Shuningdek, deyarli barcha tovar va xizmat guruhlarida import hajmi ko‘payib borgan bo‘lsa, eksportda to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarining o‘sish tendensiyasi kuzatilib, boshqa turdagi mahsulotlar bo‘yicha pasayish kuzatilgan. Shu bilan birga, savdo balansining manfiy saldosi yuzaga kelishiga energotashuvchilar eksportining keskin tushishi ham sabab bo‘lgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari importi 2018 yilga nisbatan qariyb ikki baravar oshdi, bu ko‘rsatkich oziq-ovqat eksportidan qariyb 2 barobar ko‘pdir.

O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari — Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiya bilan savdo balansi. Manba: Moliya vazirligi / Davlat statistika qo‘mitasi.

Shu bilan birga, 2018−2021 yillarda so‘mning real almashuv kursi turk lirasiga nisbatan 102,8 foizga mustahkamlandi. Shunga qaramay, Turkiya bilan sof eksport xajmi (eksportdan import ayrilganda) -168 mln dollardan -8 mln dollargacha qisqardi, ya’ni eksport va import qariyb tenglashdi.

Bu asosan rangi metall mahsulotlari (yuqori inflyatsiya sharoitida talab ortadi) eksportining 2018 yildagi 554,4 mln dollardan 2021 yilda 908 mln dollarga, to‘qimachilik mahsulotlarning 2018 yilgi 129,4 mln dollardan 2021 yilda 512,7 mln dollarga yetishi hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, import tarkibida 2021 yilda 2018 yilga nisbatan barcha tovar va xizmat guruhlari bo‘yicha o‘sish kuzatilgan. Bu asosan real almashuv kursining turk lirasiga nisbatan mustahkamlanishi natijasida yuzaga kelgan.

Bundan tashqari, real almashuv kursi Qozog‘iston tengesiga nisbatan 22,7 foizga va Xitoy yuaniga nisbatan 9,3 foizga mustahkamlangan. Ushbu davlatlar bilan ham 2018 yilga nisbatan o‘zaro savdoning manfiy saldosi (import eksportdan ko‘proq bo‘lganda) sezilarli darajada ko‘paygan.

Real va nominal almashuv kursining dinamikasi.

Real samarali almashuv kursi dinamikasi (%).

2018 yil yanvarga nisbatan so‘mning nominal almashuv kursi Rossiya rubliga nisbatan 2,4 foizga, Xitoy yuaniga nisbatan — 25,3 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, Qozog‘iston tengisiga nisbatan — 0,6 foizga va Turkiya lirasiga nisbatan — 168,1 foizga mustahkamlangan. Ushbu davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha hisoblangan REER — 131,5 foizni va eksport bo‘yicha hisoblangan REER esa — 137,3 foizni tashkil etdi. Bunga asosan O‘zbekiston va savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlardagi narxlar o‘sishi orasidagi farq nominal almashuv kursining qadrsizdanish darajsiga nisbatan yuqoriligi sabab bo‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonda inflyatsiya darajasi O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasiga nisbatan sezilarli ravishda sekin o‘sgan. Turkiyada esa inflyatsiya darajasi O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasidan 50,5 foizga yuqori bo‘lgan. Biroq liraga nisbatan nominal almashuv kursining qariyb 2,7 marta mustahkamlanishi, o‘z navbatida, real almashuv kursining ikki barobardan ko‘proq mustahkamlanishiga sabab bo‘lgan.

2018 yil yanvaridan beri inflyatsiya ko‘rsatkichlari.

Savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy savdo hamkorlari valyutalarining qadrsizlanishi so‘mning ushbu valyutalarga nisbatan real kursini mustahkamlayotgani haqida xabar bergandi. Ushbu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini pasaytirib, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif darajasiga ta’sir etayotgani aytilgandi.

Birinchidan, yuqorida qayd etilgan valyutalarning keskin devalvatsiyasi tashqi bozorlarda mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qimmatlashuviga olib kelib, ularning valyuta tushumlarini qisqartirdi.

Ikkinchidan, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar narxlarining chet elda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlariga nisbatan raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, chetdan import qilishni rag‘batlantirgan holda, xorijiy valyutaga qo‘shimcha talabni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro pul o‘tkazmalarining asosiy qismi to‘g‘ri keladigan davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi, ushbu davlatlardan mamlakatimizga yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmining kamayishiga olib keldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, savdo-hamkor davlatlar valyutalari kurslarining sezilarli o‘zgarishi milliy valyuta kursida bir oydan uch oygacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘z aksini topadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistonning Rossiya va Qozog‘iston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, turk lirasi devalvatsiyasining so‘mga ehtimoliy ta’siri haqida yozgan edi.