Ukrainadagi urush natijasida mamlakat iqtisodiyoti ikki hafta ichida 100 mlrd dollar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti onlayn-tadbirida Ukraina prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleg Ustenko ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi.

Zelenskiyning maslahatchisi bu zarar taxminiy ekanligini va buzilgan infratuzilma, binolar, yo‘llar, ko‘priklar, shifoxonalar va boshqa moddiy boyliklarni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. Urush sabab Ukrainadagi korxonalarning 50% to‘liq faoliyatini to‘xtatgan, qolgan yarmi esa o‘z quvvatidan ancha past darajada ishlamoqda.

Oleg Ustenko bunday zararni tiklash uchun mablag‘larning bir qismi Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab muzlatilgan aktivlari, shu jumladan Rossiya Markaziy bankining mamlakat tashqarisida joylashgan va G‘arb sanksiyalari bilan immobilizatsiya qilingan aktivlari hisobidan qoplanishi mumkinligini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, rus oligarxlarining musodara qilingan aktivlari ham rekonstruksiya fondiga o‘tkazilishi mumkin.

Prezident maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukrainaning budjet zaxiralari 27,5 mlrd dollarni tashkil etadi, Rossiyaning harbiy operatsiyasi boshlanishidan oldin zaxiralar 30 mlrd dollar atrofida bo‘lgan.