Poytaxtning Yashnobod tumanida quriladigan Olimpiya shaharchasi loyihasi taqdim etildi. U Angliyaning «Arup» muhandislik kompaniyasi tomonidan tayyorlangan.

Dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev loyihaning taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Shu sababli qurilayotgan shaharchaning markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.

Toshkent shahar hokimligi hodimi Shukrullo Jahongirovning ma’lum qilishicha, loyiha 100 gektar maydonga mo‘ljallangan. Umumiy hudud 3 ta qismga ajratilgan.

«Birinchi hududdagi qizil liniyadan asosiy [tashrif buyuruvchilar] oqimi kirib keladi, hudud ichkarisidagi park hamma uchun ochiq bo‘ladi. 2-qism esa sport binolari joylashgan hudud. Barcha xizmat ko‘rsatish ishlari orqa tarafdagi servis hududida [ko‘rsatiladi]. Hududimizning markazida asosiy ochiq atletika binosi joylashgan bo‘lib, atrofida ko‘prik tashkil qilingan», — degan u.

Toshkent shahar hokimligi hodimi Shukrullo Jahongirov. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqalarni tomosha qilish uchun muxlislar qiziq yo‘lakli ko‘prikdan kirib keladi va tamom bo‘lgach, ko‘prikning ostidan chiqib ketadi. Buning natijasida harakatlanish qulaylashadi va odamlar o‘rtasida tiqilinchlar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Barcha sharoitlar Osiyo Olimpiya kengashi va xalqaro sport federatsiyalari talablariga muvofiq bo‘ladi. Ma’muriy bino, yotoqxona, muzey va xo‘jalik obyektlari ham quriladi.

Musobaqalardan tashqari vaqtda shaharcha o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qilishi ma’lum qilingan. Bu yerda Oliy sport mahorati instituti, sport federatsiyalari va sohadagi boshqa muassasalar faoliyat olib boradi.

Yana bir muhim jihat — shaharcha joylashadigan Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab daraxtlar ekilib, sayilgoh tashkil etiladi. Ushbu maskan aholi uchun ochiq bo‘ladi, aholi sayr qilishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratiladi.


Prezident mutasaddilarga ishlar hajmi va zarur mablag‘ miqdorini yilma-yil hisob-kitob qilib, aniq reja shakllantirish, qurilish bo‘yicha tender e’lon qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga yozishicha, shu paytgacha hech qaysi davlatda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ket o‘tkazilmagan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning avgust oyida O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida xabar berilgan edi.

Fevral oyida «Gazeta.uz» yangi aerodrom yaqinida faqat daraxtzor, buta va gullardan iborat dendropark (155 gektar), shuningdek, uning yonida Olimpiya shaharchasi (160 gektar) qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Chirchiq daryosining qirg‘oqlarida ham park (270 gektar) bunyod etilishi ko‘zda tutilganligi aytilgan.

Foto

Ëpiq jangovar sport ((Dzyudo, kurash, boks)) majmuasi.


Chapda jang san’atlari (taekvondo va karate) majmuasi, o‘ngda qabulxona binosi, O‘zbek qurash instituti, idoralar va muzey.

Ko‘p tarmoqli sport zali va velodrom.

Asosiy atletika stadioni va yopiq atletika maydoni.

Velodrom.