Rossiyaning Ukrainada o‘tkazgan 10 kunlik harbiy amaliyotlari davomida 1,5 mln qochqin mamlakatni tark etib, qo‘shni davlatlarga o‘tib ketdi, deb xabar bermoqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi.

Ko‘plab insonlar esa majburlikdan mamlakat ichida ko‘chib yurishiga to‘g‘ri kelmoqda. «Har daqiqada bu raqam ortib bormoqda», — deyiladi hisobotda.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi bu ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropada eng tez o‘sayotgan migratsiya inqirozi ekanligini ta’kidladi.

«Agar bu ma’nosiz mojaro darhol to‘xtatilmasa, yaqin kunlarda yana millionlab odamlar o‘z uylarini tark etishadi», — deyiladi xabarda.

Ukrainani tark etayotgan qochqinlarni eng ko‘p Polsha qabul qildi. 7 mart kuni Polsha chegara xizmati qochqinlarning soni 1 mlndan oshganini ma’lum qildi.

28 fevraldan 7 martga qadar Ukrainani tark etgan 4359 nafar O‘zbekiston fuqarosi 19 reys orqali Polshadan O‘zbekistonga yetkazildi.