Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlarni to‘xtatmoqda, deb xabar berdi «O‘zaviatsiya» agentligi kompaniyalar e’lonlariga tayanib.

Smartavia aviakompaniyasidan olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 mart kungi Moskva — Urganch — Moskva reysi bekor qilingan. Smartavia aviakompaniyasi xalqaro aviaqatnovlarni 19 martga qadar bekor qildi.

iFly ham O‘zbekiston shaharlariga parvozlar to‘xtatilganini ma’lum qildi. 5 martdan boshlab kompaniya mamlakatga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha barcha rejali reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatadi.

«O‘zaviatsiya» bekor bo‘lgan aviaqatnovlar yo‘lovchilari aviachipta pullarini qaytarish yoki chiptalarini boshqa muddatga qayta bronlash masalalari yuzasidan ushbu chiptalarni xarid qilgan aviakassalarga murojaat etishlarini tavsiya qildi. Shuningdek, yo‘lovchilarga parvoz holatini uzcaa.uz sayti bosh sahifasidagi «Axborot jadvali» orqali tekshirish tavsiya etildi.

Avvalroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida turli davlatlar o‘z havo hududini Rossiya fuqaro aviatsiyasi uchun yopishni boshlagandi. Fevral oyi oxirida Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zo-davlati rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning «Aeroflot», S7 Airlines va Smartavia aviakompaniyalari xalqaro reyslar to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Ular bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonnning bir qator shaharlariga parvozlarni amalga oshirar edi.