Juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonga davlat tashrifini yakunlab, Toshkent shahriga qaytishi zahotiyoq — oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Unda ta’kidlanio‘icha, hozirgi kunda mamlakatimiz oliygohlarida 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda, umumiy hisobda 820 ming nafar talaba tahsil olayapti.

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq rektorlar, talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi, deyiladi xabarda.

Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Ayniqsa, ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar «daftarlar»ga kiritilgan talabalar bor.

«Bu raqamlar haqiqatda ancha yuqori. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan o‘zlari muloqot qilib, haqiqiy holatni bilish va ularni band qilishga shaxsan mas’ul», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud.

«Qaysi hokim yoki rektor bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlagan? Hozircha, bu savolga ijobiy javob yo‘q, — deya so‘zida davom etdi prezident. — Hokim va rektorlar, bir narsani bilinglar — ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart».

Bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun bosh vazir (Abdulla Aripov) boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Hokimlar ham rektorlar bilan birga hududlarda shunday komissiyalar tashkil etadi.

Komissiya quyidagilar bilan shug‘ullanadi:

  • viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga har bir oliygoh kesimida «talabalar balansi»ni aniqlab oladi;
  • vakant o‘rinlarini tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha 1, 2 va 3-kurs talabalarining kamida 30−40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi;
  • bitiruvchi kurslar talabalarini esa hokim, rektor va korxonalar bilan birgalikda kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3−4 oylik stajirovkaga yuboradi.

Davlat rahbari eng avvalo, OTMlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

U Farg‘ona davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi institutini misol qilib keltirdi.

Jumladan FarDUda:

  • umumiy ovqatlanish va qurilish korxonalari tashkil etilib, ularda 125 nafar;
  • adras, milliy kiyimlar, kulolchilik sexlari, dorivor o‘simliklardan shifobaxsh damlamalar tayyorlashda 18 nafar;
  • «Do‘stlik», «Oqbilol» agrouchastkalari va Quvasoy shahridagi o‘quv poligonlarida chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 36 nafar talabaning bandligi ta’minlangan.

Eslatib o‘tamiz, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2 kursdan boshlab ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qilgandi. «Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman», — dedi u. Qolaversa, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.