BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (QBOK) O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning fuqarosizlikni yo‘q qilish borasidagi yutuqlarini yuqori baholaydi. Bu haqda O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lganining 30 yilligi munosabati bilan BMT QBOK tomonidan ma’lum qilindi.

O‘tgan yili fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni eng ko‘p aniqlangan O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lmaganlar sonini deyarli yarmiga qisqartirdi, ro‘yxatga olingan 70 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan 33 ming nafariga fuqarolikni berdi yoki tasdiqladi. Bunga 2020 yilda qabul qilingan fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonun talablari va unga 2021 yilda kiritilib, kuchga kirgan o‘zgartishlar sabab bo‘ldi.

«Bu Barqaror rivojlanish maqsadlari va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda hech kimni orqada qoldirmagan holda barqaror rivojlanish sohasidagi Kun tartibiga erishish yo‘lidagi sezilarli muvaffaqiyatdir. Fuqarosizlikning oldini olish va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish taraqqiyot, tinchlik, xavfsizlik va majburiy ko‘chirilishga katta hissa qo‘shadi», — dedi BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder.

2021 yilda 46 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston yoki O‘zbekiston fuqaroligini oldi.

2021 yil oxirida Markaziy Osiyoda 56 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxs aniqlangan, ayni paytda fuqarosizlikning haqiqiy ko‘lami yuqoriroq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida fuqarosizlik holati

Turkmaniston fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga huquqiy maqom olish va shu tariqa asosiy inson huquqlaridan foydalanish imkonini beruvchi fuqaroligi yo‘qligini aniqlash tartib-taomillarini joriy qildi.

Tojikiston tomonidan 2021 yilda fuqarosizlik holatlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 4000 dan ortiq kishi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, 4000 ga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxs aniqlangan va ularga huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

2020 yil kuzidan boshlab Qozog‘istonda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni aniqlash bo‘yicha milliy kampaniya o‘tkazilmoqda. 2021 yil oxiriga qadar ushbu kampaniya fuqaroligi yo‘q 7300 ga yaqin shaxsni aniqladi, ulardan 4100 dan ortig‘i Qozog‘iston fuqaroligini tasdiqlashda yordam oldi, 2000 nafarga yaqini esa de-yure fuqaroligi yo‘q sifatida rasman ro‘yxatga olingan.

BMT QBOK Qirg‘iziston hukumatining 2019 yilda fuqarosizlik bilan bog‘liq barcha ma’lum holatlarni hal qilishda erishgan muvaffaqiyatiga asoslanib, 2019 yilgi Oliy darajadagi segmentda o‘z zimmasiga olgan to‘rtta majburiyatni bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

BTM Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi Turkmaniston va butun dunyoda soni ortib borayotgan boshqa mamlakatlar qatori Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni ham fuqarosizlik to‘g‘risidagi har ikki konvensiyaga qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi.

2024 yilga qadar dunyo bo‘ylab fuqarosizlikka chek qo‘yish maqsadida #IBelong kampaniyasi boshlangan 2014 yildan buyon Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda 163 mingdan ortiq fuqarosizlik holatlari hal etilgan.