AQShning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni istisno qildi. Tashkilot e’lon qilgan sertifikatda bu haqda so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, sanksiyalar tadbirkor 50 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qiladigan kompaniyalarga qo‘llanilamaydi. Ushbu kompaniyalarning hisoblari bloklanmagan hamda tranzaksiyalarga ruxsat berilgan. Hujjat 3 mart kuni OFAC direktori Andrea Gaki tomonidan imzolangan.

Shuningdek, Alisher Usmonov OFAC tomonidan bloklangan shaxslar ro‘yxatida yo‘q. AQShda tadbirkor ishtirokidagi yuridik shaxslarning mulki va ulushlari blokdan chiqarilgan, ularga o‘z hisobvaraqlaridan mablag‘larni yechib olishga ruxsat berilgan. Ushbu istisno ilgari boshqa sabablarga ko‘ra cheklangan Usmonovning aktivlari [super yaxta, shaxsiy samolyot] yoki kompaniyalarning moliyaviy operatsiyalariga taalluqli emas, deyiladi OFAC hujjatida.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Yevropa Ittifoqi 24 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga bostirib kirgani munosabati bilan bir guruh rossiyalik oligarxlar va siyosatchilar, ularning oila a’zolariga sanksiyalar joriy etib, ularning aktivlari muzlatilishini ma’lum qilgan edi. USM holdingi esa Yevroittifoqning Alisher Usmonovga nisbatan joriy etgan sanksiyalari xolding aktivlariga dahl qilmasligini bildirdi.

Avvalroq USM holdingi O‘zbekistondagi «Kapitalbank» aksiyalarini sotilganini e’lon qildi. Holding tarkibidagi «Telekominvest» (Rossiya) va FINANCE TCI (O‘zbekiston) kompaniyalari fevral oyida «Kapitalbank»dagi ulushini 61,54 foizga yetkazgan edi.