3 mart kuni Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati.

«O‘zbekiston-Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

Muloqot davomida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining, eng avvalo, savdo, energetika, mashinasozlik, kimyo, qurilish, tarmoqlari, transport va logistika sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

«Shu munosabat bilan oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq qo‘shma iqtisodiy loyihalar va madaniy-gumanitar dasturlarni ilgari surish borasida hukumatlar darajasida muntazam va samarali muloqotlar olib borilayotgani ijobiy baholandi», — deyiladi xabarda.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining xabarida ta’kidlanishicha, ikki davlat rahbarlari geosiyosiy vaziyatning hozirgi keskinlashuvi sharoitida savdo-iqtisodiy aloqalar holatini atroflicha muhokama qildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.

«Prezidentlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar», — deyiladi Akorda.kz xabarida.