DXX Toshkent viloyatining Chinoz tumanida «moliyaviy piramida» tashkil qilganlikda gumonlangan fuqaroni qo‘lga oldi.

Ta’kidlanishicha, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro «A.N.» 2016 yilda ham mazkur turdagi jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan. U o‘shanda bir necha oydan so‘ng ko‘paytirib, qaytarish sharti bilan fuqarolardan pul, avtomashina va boshqa qimmatliklarni qabul qilish bilan shug‘ullanganligi uchun 2017 yilda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan.

«Unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilib, 2021 yilning dekabr oyida ozodlikka chiqarilgan bo‘lsada, xatolaridan to‘g‘ri xulosa qilmasdan, aksincha „eski hunarini“ davom ettirgan», — deyiladi xabarda.

Ozodlikda vaqtida «A.N.» o‘zganing ishonchiga kirib, uning boshqaruvida bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashinani 6500 AQSh dollariga baholab, qo‘shimcha 2000 dollar berishini talab qilganligi aytilmoqda. U jami 8500 dollarni 10 oy davomida har oy 1700 dollardan (jami 17 000 dollar miqdorida) qaytarib berishini aytgan.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u fuqaroning «Spark» avtomashinasini hamda 2000 dollarini olgan vaqtida ushlangan, deyiladi DXX xabarida.

Dastlabki surishtiruv natijasida «A.N.» o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yuqoridagi holat bilan birga jami 12 nafar fuqarodan 94 ming AQSh dollari hamda 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva hayvonlarini olganligi aniqlangan. Avtomobillar va chorva hayvonlarining umumiy bahosi 394 mln so‘mni tashkil qiladi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (firibgarlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«A.N.»ga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.