Rossiyada “Эхо Москвы” direktorlar kengashi ko‘pchilik ovozi bilan radiokanal va sayt faoliyatini tugatishga qaror qildi. Bosh muharrir Aleksey Venediktovning “Interfaks"ga ma’lum qilishicha, mazkur qaror radioeshittirish va “Эхо Москвы” sayti qayta tiklanmasligini anglatadi.

“Biz tugatish nima ekanligini bilmaymiz. Biz translyatsiya va saytga kirish tiklanmasligini tushunamiz… Tugatish to‘g‘risidagi qaror yo‘qligimda bor-yo‘g‘i 15 daqiqada qabul qilindi, meni yig‘ilishga taklif ham qilishmadi”, — dedi u.

Aleksey Venediktovning fikricha, “Эхо Москвы"ni yopishni Rossiya Bosh prokuraturasi talab qilmagan.

“Bosh prokuratura taqdimnomasida ko‘rsatuvlar to‘xtatilgunga qadar qonunbuzarliklarni bartaraf etish zarurligi aytilgan, biroq to‘xtatishning o‘zi majburiy emas edi”, — deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, uning fikricha, direktorlar kengashi qarori haqiqatda kompaniya aksiyalarining 34 foiziga egalik qiluvchi “Эхо Москвы” minoritar aksiyadorlarini egalik huquqidan mahrum qiladi.

“Kompaniya aksiyalarining 34 foiziga egalik qiluvchi minoritar aksiyadorlar bor. Ular aslida egalikdan mahrum qilingan. Aksiyadorlar bilan uchrashib, bu borada nima qilish kerakligini hal qilamiz”, — dedi Aleksey Venediktov.

Boshqaruv yig‘ilishidan bir kun oldin u direktorlar kengashi qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, pozitsiyasi o‘zgarmasligini yozgan edi. “Bu yerda mening pozitsiyam direktorlar va haqiqatan ham qaror qabul qiladiganlar uchun aniq — men bosh muharrir ekanman, tahririyat siyosati o‘zgarishsiz qoladi. Men buning uchun javob beraman”, — deb yozdi u.

Shu bilan bir qatorda, “Эхо Москвы” ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini davom ettiradi.

1 mart kuni Bosh prokuratura Roskomnadzordan “Эхо Москвы” va “Дождь” telekanaliga kirishni cheklashni talab qilib, ushbu saytlarda “Rossiya harbiy xizmatchilarining DNR va LNRni himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiya doirasidagi harakatlariga oid bila turib yolg‘on ma’lumotlar “maqsadli va tizimli joylashtirilgani” haqidagi ma’lumotlarini asoslab bergan.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, ushbu ommaviy axborot vositasi ma’lumotlari “ekstremizmga, Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan zo‘ravonlikka, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ommaviy ravishda buzishga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining ommaviy tadbirlarda ishtirok etishi, amaldagi qonunchilik talablarini buzgan hodisalar va konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan ag‘darishga da’vatlarni o‘z ichiga oladi”.

3 mart kuni Google Roskomnadzordan “Эхо Москвы” va “Дождь” ilovalarini o‘chirish bo‘yicha so‘rov oldi.

“Эхо Москвы” “Gazprom-Media” xoldingi tarkibiga kiradi. Radiostansiya 1990 yil 22 avgustdan beri eshittirishlarni uzatib keladi. Faqatgina 1991 yil avgust oyida Davlat Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi buyrug‘i bilan rasman efirdan olib tashlangan. Keyinroq muharrirlar efirni qayta yo‘lga qo‘yib, eshittirishni davom ettirishga muvaffaq bo‘lishgan.