Davlat xavfsizlik xizmati viloyatlarda yerni noqonuniy sotish bilan bog‘liq bir nechta holatlarni aniqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasining Davlatobod tuman bo‘limi mutaxassisi tadbirkorga mansabdor tanishlari orqali tuman hududidan 2 gektar yer maydoni rasmiylashtirib berishni va’da qilganligi aniqlangan. Bundan tashqari, davlat xizmatchisi ushbu yerga ko‘p qavatli uy va ishlab chiqarish obyekti qurishga ruxsat olib berishini ham aytgan.

Ushbu yordami uchun tadbirkordan 200 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida davlat xizmatchisi DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari tomonidan ushlandi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Milliy gvardiyaning viloyat qo‘riqlash boshqarmasi nazoratchisi muqaddam 2 marotaba sudlangan shaxs bilan til biriktirib, Samarqand tumanidagi o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jalikning 6 gektar yer maydonini 157 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Ushbu mablag‘lning 100 ming dollarini olgan vaqtlarida ular qo‘lga olingan.

Boshqa holatda, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, yakka tartibdagi tadbirkor o‘zining o‘g‘li nomida bo‘lgan fermer xo‘jalikning 7,4 gektar yer maydonini hokimiyat idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 84 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Shuningdek, Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalik balansidagi 4,8 gektar yer maydonini 45 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida, Urgut tumanidagi fermer xo‘jalik boshqaruvchisi esa 1 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlanganligi aytildi.

Toshkent shahrida kuzatilgan holatda esa Bektemir tumanidagi bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati a’zosi bo‘lgan fuqaro ushbu shirkat hududidagi 4 sotix yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 17 600 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi dehqon xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalik balansida bo‘lgan 40 sotix sug‘oriladigan yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida DXX va IJQK departamentining viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.