25 fevral kuni O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, agronom Ibrohim Fayzullayev 89 yoshida vafot etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi raisi Behzod Yo‘ldoshev marhumning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.

«Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining ulkan namoyandasi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Ibrohim Fayzullayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi O‘zAda e’lon qilingan ta’ziya maktubida.

Ibrohim Fayzullayev 1933 yilning 25 avgustida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. U mehnat faoliyatini 1949 yilda Denov tumanining Sobir Rahimov nomidagi jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi sifatida boshladi. Qolaversa, ko‘p yillar mobaynida entomolog-agronom, bosh agronom hamda xo‘jalik raisi, Surxondaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bosh agronomi kabi lavozimlarda ishladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati sifatida ham samarali faoliyat ko‘rsatgan.

Ibrohim Fayzullayevning 1993 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi» hamda 1996 yilda «O‘zbekiston Qahramoni» faxriy unvonlari bilan taqdirlangan edi.