25 fevral kuni UEFA Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida Ukrainadagi vaziyat tufayli Chempionlar ligasi finalini Parijga ko‘chirish qarori qabul qilindi, deb xabar berildi tashkilot rasmiy saytida.

«UEFA Ijroiya qo‘mitasi 2021/22 yilgi erkaklar o‘rtasidagi chempionlar ligasini Sankt-Peterburgdan Sen-Denidagi „Stad-de-Frans“ stadioniga ko‘chirish haqida qaror qabul qildi. O‘yin, oldindan rejalashtirilganidek, 28 may kuni bo‘lib o‘tadi», — deyiladi xabarda.

Tashkilot o‘z bayonotida, shuningdek, UEFA musobaqalarida ishtirok etuvchi Rossiya va Ukraina klublari hamda terma jamoalar keyingi qaror qabul qilingunga qadar uy uchrashuvlarini neytral stadionlarda o‘tkazishlari shartligi haqida ham aytib o‘tgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qilgan edi va RF rahbarining murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangandi.

Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati RFning Ukrainaga bosqinini qattiq qoralab, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.