Rossiyaning Rostov viloyatidagi havo maydoni yo‘lovchi samolyotlarining qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan 24 fevral kuni «Namangan — Krasnodar» yo‘nalishi bo‘yicha HY-9825 reysi Namangan xalqaro aeroportiga majburiy qaytmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar qildi.

«Bekor qilingan parvoz yo‘lovchilari aviachiptani bepul bronlash yoki to‘liq qiymatini qaytarib olish huquqiga egadirlar», — deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways yo‘lovchilarni jadvaldagi har qanday o‘zgarishlar haqida qo‘shimcha ravishda xabardor qilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi, biroq Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarida ham portlashlar boshlandi. Shunday qilib, Rossiya rasman Ukraina hududiga bostirib kirdi.