Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan, Rossiyaning Ukrainaga yaqin hududlarida joylashgan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun xavotirlanishga sabab va asoslar yo‘qligini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi hamda Rostov-Don shahridagi bosh konsulxonasi Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin va doimiy aloqada bo‘lib turibdi, deyiladi xabarda.

«Fuqarolarimiz uchun biron bir xavf-xatar yuzaga kelganda, tezkor ravishda tegishli choralar ko‘riladi», — deya ta’kidladi TIV.

Zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolari quyidagi aloqa raqamlariga murojaat qilishlari mumkinligi ta’kidlangan:

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi: +7 499 230-00-76, +7 499 230-00-32;

Rostov-Dondagi bosh konsulxona: +7 988 586-59-82, +7 918 554-04-76, +7 988 586-70-35, +7 988 586-59-82.

Bundan avval, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat qilib, o‘qishni O‘zbekistonda turib masofaviy shaklda davom ettirishni tavsiya qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqayotganligini ma’lum qilganini yozgan edik.