Ukrainada sodir bo‘layotgan hodasalar jarayonida jabrlanganlar orasida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusup Kabuljanov.

U O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasidan olingan ma’lumotga tayanib, hozirda Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, fuqarolarimiz ro‘yxati yanada aniqlashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda.

«Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning tegishli tashkilotlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi», — deya qayd etdi Yusup Kabuljanov.

TIV vakili «birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar orqali jo‘nab ketish yo‘nalishlari va keyingi borish manzillari o‘rganilmoqda», deya aniqlik kiritdi.