21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqidagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligi tan olishini e’lon qildi. Rossiya shuningdek, DXR va LXR bilan respublikalar hududida harbiy bazalar qurilishini nazarda tutuvchi o‘n yilga mo‘ljallangan do‘stlik shartnomalarini imzoladi. G‘arb davlatlari Rossiyaning bu qarorini qoraladi (jahon hamjamiyatining munosabati haqida ushbu havolada batafsil o‘qish mumkin) va unga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. «Gazeta.uz» G‘arb tomonidan qanday sanksiyalar kiritilishi rejalashtirilgani yoki allaqachon joriy etilgan cheklovlar haqida ma’lumot to‘pladi.

Buyuk Britaniya

Sanksiyalarni birinchilardan bo‘lib Buyuk Britaniya e’lon qildi. 22 fevral tongida bosh vazir Boris Jonson rossiyalik biznesmenlar Gennadiy Timchenko, Boris va Igor Rotenberglar, shuningdek, Rossiyaning beshta banklari: Promsvyazbank, «Rossiya» banki, Sanoat jamg‘arma banki, Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki va Genbanklarga qarshi sanksiyalar joriy etilgani haqida ma’lum qildi.

Sanab o‘tilgan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli Buyuk Britaniyadagi har qanday aktivlar muzlatiladi, manfaatdor shaxslarga esa mamlakatga kirish taqiqlanadi, dedi Jonson.

«Bu biz amalga oshirishga tayyor ishlarning birinchi transhi: bizda keyingi sanksiyalar ham tayyor, ular vaziyat ziddiylashgan taqdirda AQSh va Yevropa ittifoqi tomonidan ishga tushiriladi», — dedi Britaniya bosh vaziri.

Buyuk Britaniya TIV rahbari Liz Trass ham agar Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni davom ettiradigan bo‘lsa, RF hukumati va kompaniyalariga Britaniya bozorlarida mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini cheklashga, qator yuqori texnologiyalar eksportini taqiqlashga va Rossiya banklarini jahon iqtisodiyotidan yanada ko‘proq izolyatsiya qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Rossiya Dumasi va Federatsiya Kengashi a’zolari ham DXR va LXR mustaqilligini tan olish uchun ovoz berganliklari uchun sanksiya ostida qoladi.

Gennadiy Timchenko, Forbes Russia ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning eng boy biznesmenlari ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egallaydi va Vladimir Putinning do‘stlaridan biri hisoblanadi. Britaniya TIV bayonotida Boris va Igor Rotenberglar ham Putin rejimining «uzoq yillik safdoshlari» sifatida tilga olingan. Bu uch shaxsga nisbatan allaqachon AQSh tomonidan sanksiyalar joriy etilgan. Promsvyazbank Rossiyaning eng yirik 10 ta banklaridan biri bo‘lib, RF Mudofaa vazirligi tomonidan imzolangan davlat shartnomalarining 70%iga xizmat ko‘rsatadi.

The Guardian gazetasi sal o‘tib Boris Jonson sanksiyalar paketini e’lon qilgach, britaniyalik konservator-deputatlar tanqidiga uchragani haqida yozgan edi. Nashrning ta’kidiga ko‘ra, Britaniya parlamentariylari Boris Jonsondan u Vladimir Putin hukumati bazasiga qattiq zarba bera olmagani uchun norozi bo‘lishgan. «Umuman olganda, Jonsonning sanksiyalarni davom ettirish haqidagi va’dalari vaziyat o‘zgarayotganini anglatadi, axir besh yildan buyon Rossiya pullarining Britaniyadagi roli haqida berilgan savollar ochiq qolib kelardi», deya xulosa qiladi nashr.

Germaniya

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyadan Germaniyaga gazni transportirovka qilish uchun mo‘ljallangan «Shimoliy oqim — 2» gaz o‘tkazgichini sertifikatlash jarayoni to‘xtatilgani haqida e’lon qildi.

«Bu texnik jarayondek ko‘rinadi, ammo bu zarur qadam, usiz gaz o‘tkazgichni sertifikatlashning imkoni bo‘lmaydi. Sertifikatsiz esa «Shimoliy oqim — 2»ni ishga tushirishning imkoni yo‘q», — degan Shols (Die Zeit dan iqtibos).

Avvalroq Germaniya mamlakatga Rossiya gazini yetkazib berish hajmini ikki baravar oshirishni nazarda tutgan, to‘liq qurilgan, lekin hali ishga tushirilmagan gaz quvuri — «Shimoliy oqim 2» ga qarshi sanksiyalar qo‘llashdan bosh tortgan edi. Gaz quvuri Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Ukrainani chetlab o‘tadi, bu esa Kiyevni tranzit yig‘imlaridan mahrum qiladi. Germaniyaning g‘arbiy ittifoqchilari, jumladan, Sharqiy Yevropa davlatlari va AQSh loyihani ko‘plab marotaba tanqid qilib, bu Rossiyaga gazdan geosiyosiy «rыchag» sifatida foydalanishga yordam beradi, deb yozadi The Economist.

Shols Putinning DXR va LXRni tan olish qarorini qoralab, uni «asossiz, noaniq» deb atadi va Rossiya o‘z harakatlari uchun javob berishi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, kansler keyingi «halokat»ning oldini olish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini qo‘shimcha qildi.

Kreml o‘z rasmiy munosabatida Rossiya «Shimoliy oqim 2»ni «sof tijoriy loyiha» deb hisoblashini, shu bois Germayaning u bo‘yicha qabul qilgan qaroridan taassufda ekanini e’lon qildi.

Yevropa ittifoqi

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Parijdagi matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqi yangi cheklovlar paketini qabul qilishini e’lon qildi. U Rossiya Davlat Dumasining DXR va LXRni tan olish uchun ovoz bergan 351 nafar deputatiga qarshi sanksiyalarni o‘z ichiga oladi va YeI hamda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Yevropa ittifoqi Rossiyaga yevropa kapital bozorlariga kirishni cheklashni rejalashtirmoqda. Sanksiyalar, shuningdek, «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi» 27 jismoniy va yuridik shaxslarga joriy etiladi.

Euronews’ning aniqlik kiritishicha, jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan choralar ular aktivlarini muzlatilishini va YeI hududiga kirish yoki u orqali tranzit o‘tishga taqiqni nazarda tutadi.

AQSh

22 fevral kuni kechqurun AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtonda Ukraina atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan maxsus brifing o‘tkazib, unda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning birinchi transhi haqida e’lon qildi. U Vladimir Putinning qarorini «xalqaro huquqni o‘ta qo‘pol ravishda buzish» va «Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining boshlanishi» deb atadi.

«Putinga qo‘shnilariga tegishli bo‘lgan hududda yangi, go‘yoki mamlakatlarni e’lon qilishga kim huquq berdi?» — deb bayonot qildi AQSh rahbari. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Putin o‘z nutqida shuningdek, qurollangan bosqin orqali Ukrainaning yanada ko‘proq hududini egallab olish uchun asos yaratgan.

Amerika Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Rossiyaning ikkita banki — VEB, Promsvyazbank va ularning 42 ta sho‘ba korxonalari («SSKA» FK va RF Eksimbankini o‘z ichiga oladi) AQSh sanksiyalari ostida qoladi. Bu banklar va ularning sho‘ba korxonalarining AQShdagi aktivlari muzlatiladi, ular Qo‘shma Shtatlar hududida biznes yurita olmaydi va jahon moliya tizimidan uzib qo‘yiladi.

Sanksiyalar shuningdek, «Putinga yaqin» elitalar va oilalar a’zolariga qarshi kiritilmoqda:

• VTB vitse-prezidenti Denis Bortnikovga — FXX rahbari Aleksandr Bortnikovning o‘g‘li;

• Promsvyazbank raisi Pyotr Fradkovga — RF sobiq bosh vaziri va Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori Mixail Fradkovning o‘g‘li;

• VK bosh direktori Vladimir Kiriyenkoga — RF prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoning o‘g‘li.

AQSh shuningdek Rossiya davlat qarziga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi. Sanksiyalar Rossiya Markaziy banki, Milliy farovonlik jamg‘armasi va Moliya vazirligi tomonidan 2022 yil 1 mart sanasidan keyin chiqarilgan obligatsiyalarning ikkilamchi bozoriga ta’sir ko‘rsatadi.

Jo Bayden bordiyu Rossiya harbiy eskalatsiyani davom ettirsa, AQSh ittifoqdoshlar va sheriklar bilan birgalikda sanksiyalarni kuchaytirishi haqida ogohlantirdi.