Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni “Uy-joy qurilishi va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan boshlab barcha yuridik shaxslarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sement, sement klinkeri va qurilish oynalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.

Bungacha 2020 yil 1 yanvardan boshlab ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi, bularga 38 ta tovar kiradi (shu jumladan sement, klinker va oyna) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilingan. Bozor ishtirokchilaridan birining “Gazeta.uz"ga aytishicha, kvotalar hukumat qarori bilan har yili taqsimlanadi.

Bundan tashqari, Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi 2024 yil 1 yanvarga qadar mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini avtomobil, temir yo‘l va havo transportida barcha davlatlarga, shu jumladan qo‘shni davlatlarga tashish xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya qilish uchun subsidiyalar ajratadi. 2021 yilda agentlikka davlat budjetidan 163,5 mlrd so‘m ajratilgan.

“O‘zsanoatqurilishbank” qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtiradi. Shu maqsadda bankka kapital bozori sharoitlaridan kelib chiqqan holda kamida 300 mln dollarlik xalqaro korporativ obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish topshirildi.

Shuningdek, uy-joy qurilishi klasterlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yil oxirigacha davlat kafolatisiz 150 mln dollar miqdorida xorijiy kreditlarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Har bir tumanda kamida bittadan klaster paydo bo‘lib, “qurilish materiallari ishlab chiqarish va qurilish loyihalarini loyihalashdan tortib, tayyor ko‘p qavatli turar-joy binolari qurishgacha bo‘lgan qo‘shimcha qiymat zanjiri"ni tashkil etadi.

2021 yilning noyabr oyida prezident ishtirokidagi videoselektorda sement importi uchun imtiyozlar muddati yana bir yilga uzaytirilishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, sement ishlab chiqaruvchilarga foyda solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i esa 2 baravarga kamaytirilishi qayd etildi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston 128,3 mln dollarlik 2,7 mln tonna sement import qilgan, bu 2020 yilga nisbatan 206 ming tonnaga ko‘p hisoblanadi. Importning asosiy qismi Qozog‘iston (1,1 mln tonna), Tojikiston (816 ming tonna), Qirg‘iziston (671 ming tonna) hisobiga to‘g‘ri keladi. 2021 yilda mahalliy ishlab chiqarish hajmi 11,88 mln tonnani tashkil etdi, bu 2020 yilga nisbatan 1,2 million tonnaga ko‘p.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, agar 2020 yilda O‘zbekiston sement zavodlari tomonidan 530,3 ming tonna (asosan Afg‘onistonga) sement eksport qilingan bo‘lsa, 2021 yilda 333,6 ming tonna, shundan 158,5 ming tonnasi OKMK korxonalari (Jizzax va Sherobod sement zavodlari) hissasiga to‘g‘ri kelgan, mahsulot eksport qilingan.