Rossiyadagi o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaning Credit Suisse bankidagi (Shveysariya) hisob raqamlarida kamida 5,8 mlrd dollar pul mablag‘lari bo‘lganligi haqidagi xabarlar rad etildi. Bu borada Alisher Usmonovning matbuot xizmati munosabat bildirdi.

«Ba’zi mas’uliyatsiz OAVlar OCCRP ma’lumotlariga tayanib, taniqli tadbirkor, moliyachi va metsenat Alisher Usmonovning singlisi Saodat Burhonovna Narziyevaning shaxsiy hisobraqamlariga qo‘yilgani aytilayotgan katta pul mablag‘lari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatdi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mazkur xabar orqali tadbirkorning obro‘siga putur yetkazishga urinish bo‘lmoqda.

«Bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va Alisher Usmonovning obro‘yiga putur yetkazish maqsadida tarqatilmoqda. Ma’lumotni tarqatganlar «qovurilgan faktlar»ga havola qilib, jurnalist etikasi me’yorlarini e’tiborsiz qoldirgan. Ushbu yolg‘on ma’lumotlarning e’lon qilinishi Alisher Usmonovning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘yiga putur yetkazadi», — deyiladi bayonotda.

Tadbirkorning matbuot xizmati yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlarni javobgarlikka tortish, jabrlanganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha qonuniy choralar ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq, jurnalistlar Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisob raqamlari bo‘yicha sizdirilgan ma’lumotlarni o‘rgandi. Bank xizmat ko‘rsatgan mijozlar orasida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi, Tennis federatsiyasining sobiq rahbari Igor Shepelev, Timur Tillayevning qarindoshi va Alisher Usmonovning singlisi bor edi.