Odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzganligi uchun yana ikki sud raisi ishdan bo‘shatildi, deb xabar berdi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.

Sudyalar oliy kengashi qarori bilan Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining raisi Baxtiyor Tavakkalov hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Kamoliddin Xolmuxamedovning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, lavozimidan ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Andijon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida tuman sudlari raislari va sudyalar o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olingani va respublika bo‘yicha 10 nafar sudya mas’uliyatsizligi uchun intizomiy jazoga tortilgani haqida yozgandik.

17 fevral kuni esa Sudyalar oliy kengashi 5 nafar sudyani intizomiy jazoga tortgani to‘g‘risida xabar bergan edik.

Bundan avval Buxoro viloyati sudining sudyasi Sh. Ne’matov sudyalik qasamyodini buzgani uchun lavozimidan ozod etilgani va Xorazm bilan Navoiy viloyatidagi sud raislari esa intizomiy javobgarlikka tortilgani ma’lum qilingandik.