O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi 2021 yilda doping tufayli sportdan chetlatilgan o‘zbekistonlik sportchilar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Xabarda aytilishicha, yil davomida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda musobaqalar davomida doping-sinamada organizmida taqiqlangan moddalar aniqlangani uchun 14 nafar sportchi Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq komissiyasi qarori bilan diskvalifikatsiya qilingan.

Doping iste’mol qilish holatlari asosan og‘ir va yengil atletika, dzyudo, ayollar kurashi, sambo, basketbol, suv polosi, muay-tay va pauerlifting sport turlarida aniqlangan.

Taqiqlangan moddalar tufayli quyidagi sportchilar diskvalifikatsiya qilingan:

Axroljon Farmonov (4 yilga) — jangovar sambo;

Tursunbayev Iskander (4 yilga), Maftuna Ergasheva — para pauerlifting;

Muxlisa Abdullayeva (3 yilga), Maftuna Ismoilova (4 yilga) — og‘ir atletika;

Bekjon Chevarov (3 yilga) — Para — yengil atletika;

Diyorbek Urazboyev (3 yilga), Elbek Abdullayev — dzyudo;

Madina Usmonjonova (muddati noma’lum) — ayollar kurashi;

Faxriddin Xasanov (4 yilga) — muay-tay;

Farrux Iskandarov (4 yilga) — basketbol;

Daniil Yakovlev (3 yilga) — suv polosi;

Sultanbek Elmuratov (4 yilga) — yunon-rum kurashi;

Davronbek Turgunov — velosport.

Ro‘yxatda keltirilgan sportchilar doping tahlida meldoniy, metasteron va uning metabolitlari, furosemid singari taqiqlangan moddalar aniqlangan.

Milliy antidoping agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, agentlik tomonidan yil davomida O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan 68 ga yaqin sport musobaqalarida 660 ga yaqin doping-sinamalar olish rejalashtirilgan.