O‘zbekiston maktablarida istiqbolda maxsus avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

IIV rahbari bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi rejalar haqida gapirar ekan, «Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o‘tgan yo‘lning 300 metr masofasida transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor», deb ta’kidlagan.

Shuningdek, maktab o‘quvchilarida yo‘llarda o‘zini xavfsiz tutish yuzasidan ko‘nikmalar shakllantirilayotgani, yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha zaruriy tushunchalar berilayotgani qo‘shimcha qilingan.

Po‘lat Bobojonovning aytishicha, 380 ta umumta’lim maktabida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish bo‘yicha maxsus sinfxonalar, yana 167 ta maktabda yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari tashkil etilgan. Lekin, vazirga ko‘ra, mazkur ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktablar qamrab olingan, xolos.

«Shuning uchun barcha maktablarda maxsus sinfxonalar tashkil etilib, „Yo‘l harakati xavfsizligi“ bo‘yicha alohida fan kiritish taklif qilinmoqda. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, yo‘l harakati qoidalariga moslashtirilgan „Yo‘l harakati xavfsizligi“ istirohat bog‘larini tashkil qilish rejamiz bor», — degan u.

Vazirning aytishicha, har yili O‘zbekiston yo‘llarida 10 minggacha avtoavariya sodir etilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili YTHlar oqibatida 965 nafar piyoda vafot etgan, shundan 263 nafarini bolalar tashkil qilgan.

IIV rahbari yo‘l-transport hodisalarining salmoqli qismi piyodalar ishtirokida sodir etilayotganiga e’tibor qaratgan.

Shuningdek, avtoavariyalar sodir etilishiga asosan haydovchilarni o‘qitish sifati, qoidabuzarlarga nisbatan jazo ta’sirining yetarli emasligi, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga qasddan amal qilmasligi, shuningdek, yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab чиqilishинимаълuм qilgan edi. Davlat rahbari Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligini 30 km/soat, shahardagi harakatlanish tezligini esa soatiga 60 kmga tushirishga ko‘rsatma bergan edi.