Tehron shahrida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Said Rizo Fotimi Amin hamraisligida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, HK doirasida investitsiyalar bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasini tashkil etish va joriy yilning birinchi yarmida uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishilgan. Bundan tashqari, investitsiyaviy va ishlab chiqarish salohiyatini o‘rganish hamda hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston hududlariga Eronning sanoat jihatidan rivojlangan hududlari ma’muriyatlari rahbarlaridan iborat biznes-missiyalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, HK platformasida transport va logistika bo‘yicha qo‘shma kichik qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Qo‘mitani vazifasi O‘zbekiston, Eron va mintaqa davlatlari o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, yangi kam harajatli yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda ikki davlatning transport va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha istiqbolli takliflarni o‘rganish va shakllantirishdan iborat bo‘ladi.

Ikki mamlakat transport idoralari tomonidan ushbu takliflarni amalga oshirishning aniq chora-tadbirlari va muddatlarini o‘z ichiga olgan qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tomonlar savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari yuzasidan fikr almashgan hamda sitrus mevalar, dukkakli mahsulotlar, quritilgan mevalar, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, asbob-uskunalar, qurilish materiallari yetkazib berishni o‘zaro ko‘paytirishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

Savdo aylanmasining barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini qisqa muddatda imzolash uchun uni kelishishni tezlashtirish, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirishning yangi o‘zaro manfaatli mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan yakdil qarorga kelingan.

Shuningdek, joriy yilda ikki mamlakatning turli hududlarida o‘zbek va eronlik ishlab chiqaruvchilarning tarmoq ko‘rgazmalarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishiga kelishilgan.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ham konstruktiv fikr almashilgan. Jumladan, O‘zbekistondan eksport qilinadigan tovarlarni Eron hududi orqali tranzit qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.

Shuningdek, kimyo, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmatsevtika, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, suvni tejaydigan texnologiyalar va agrosanoat sohasi kabi ustuvor tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va qo‘shma investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilingan. Yaqin kelajakda ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma sanoat kooperatsiya dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Yig‘ilishda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab joriy yilda O‘zbekiston-Eron Madaniyat kunlarini o‘tkazish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Turizm sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan hamda ushbu sohada idoralararo hamkorlikning alohida dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, HK hamraislari muzokaralar davomida erishilgan va O‘zbekiston-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarni qamrab olgan qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni qisqa muddatda ishlab chiqish va imzolashga kelishib olishgan.