O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi yanvar oyida amalga oshirilgan va Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xaridlardan qaytadigan 1 foizlik keshbek 21−25 fevral kunlari to‘lab berilishini ma’lum qildi. Mos ravishda fevral xaridlari uchun keshbek mart oyining xuddi shu sanalarida to‘lanadi.

1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan xaridlar summasining 1 foizini olish imkoniyati joriy etilgan edi. Buning uchun fiskal belgisi bo‘lgan QR-kodga ega chekni olish kerak. Oldinroq hisoblangan summani har oy oxirida olish mumkinligi xabar qilingandi.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotlarini taqdim etish muddati oyning 20-kuniga qadar belgilangani sababli 21 dan 25-gacha muddatlar belgilandi, deb xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi.

«Gazeta.uz» qaysi xarid cheki haqiqiy hisoblanadi, xarid chekini qanday ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin va keshbekni bank kartasiga o‘tkazish haqida qo‘llanma tayyorlagan edi.