Ijtimoiy tarmoqlarda milliy valyuta «so‘m»ning muomalaga kiritilganligiga 20 yil to‘lgani munosabati bilan «20» raqami tushirilgan banknota chiqarilgani haqida xabar tarqaldi. Markaziy bank ushbu banknot o‘zi tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgisi hisoblanmasligini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunga asosan O‘zbekiston hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilari faqat MB tomonidan muomalaga chiqariladi. Bundan tashqari, yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan OAVlarda e’lon qilinadi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki „Davlat belgisi“ korxonasi tomonidan 2014 yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Markaziy bank dunyodagi ko‘plab banknot chop etuvchi kompaniyalar yangi himoya elementlari joriy etilganligi yoki boshqa ishlab chiqarish yangiliklari bilan tanishtirish maqsadida, biror yubiley sana yoki kompaniya faoliyatiga aloqador voqeaga bag‘ishlab faqat raqam qo‘yilgan, valyuta nomi qayd etilmagan banknotlar chop etib borishini va ular korxona faoliyatini reklamasi uchun mo‘ljallangan bo‘lishini ta’kidladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan banknot hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emas (unda so‘m yozuvi qayd etilmagan), muomala va to‘lov vositasi sifatida foydalanishga mo‘ljallanmagan», — deb yozadi Markaziy bank.

Marakaziy bank shu sababli, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.