Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2022 yilda bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilishda bojxona xodimlarining halol ishlashini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish — korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim masala ekanligi ta’kidlangan.

Shu munosabat bilan bir oy muddatda bitta postda 3 yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinadi.

Qolaversa, 1 martdan barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Bojxona tizimida xodimlar daromadi va mol-mulkini deklaratsiya qilish joriy etiladi.

Ta’kidlanishicha, bojxona xodimlarining faoliyati samarasiga qarab, ish haqiga 50 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu ustamalar aniq ko‘rsatkichlar (KPI) asosida belgilanadi.

Olis va sharoiti og‘ir postlarda ishlayotgan xodimlar ish haqiga qo‘shimcha ustamalar joriy etiladi.

Bojxona xodimlariga maxsus unvon uchun ustamalar miqdori oshiriladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab berildi:

  • Olot, Guliston, Termiz va boshqa hududlardagi olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi;
  • joriy yilda uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar va har yili kamida yana shunchadan xodim imtiyozli ipoteka bilan ta’minlanadi;
  • bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratiladi.

Yana bir masala — bugungi kunda bojxona organlarida ayollarning ulushi bor-yo‘g‘i 8 foizni tashkil etadi.

«Sohada adolat, halollik va tartibni joriy qilishni xohlar ekanmiz, tizimga ayol xodimlarni jalb qilish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz shart», — dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan kelgusi ikki yilda ayollar ulushini kamida 2 barobarga oshirish bo‘yicha ishlarni hozirdan boshlash vazifasi qo‘yildi.