Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangani aytilmoqda. Mazkur holat DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Mas’ul shaxs 2021 yilning oktabr oyida ushbu oliy o‘quv yurti fakultetlaridan birining faoliyatini tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklar ushbu fakultet dekaniga salbiy ta’sir qilmasligi va uni lavozimida qolishini ta’minlash evaziga 100 ming AQSh dollari talab qilgan, deyiladi xabarda.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni vositachi orqali olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.