Buxoro vloyatining Qorako‘l tumanidan oqib o‘tuvchi kanaldan 33 yoshli ayolning jasadi topildi.

“Daryo” nashrining “Chandirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sadriddin Sharopovga tayanib yozishicha, ayol Qorako‘l tumanidagi “Arabxona” mahallasida istiqomat qilgan. 8 fevral kuni uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Mirjon Fayzullayevning so‘ziga ko‘ra, 11 fevral kuni soat 06:48 da qutqaruv bo‘limiga chaqiruv bo‘lgan. Yomon jar katta kanalining Buxoro shahridan qariyb 90 kilometr olisdaligi bois, qutqaruv guruhi taxminan soat 09:15 larda yetib borgan. Jasad 15 daqiqada topilgan va u yarim yalang‘och holatda, shuningdek, tanasida turli dog‘lar mavjud bo‘lgani bois, jinoyat alomatlari topilishi ehtimolida sud-tibbiy ekspertizaga topshirilgan.

S.R.ning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmagan.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Anvar Esanov holat yuzasidan Qorako‘l tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilayotganini bildirgan.