Poytaxtdagi Abdulla Qodiriy madaniyat va istirohat bog‘idagi o‘nlab daraxtlar qonunchilik talablari buzilgan holda ko‘chirilgan. Bu haqda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar qildi.

Yanvar oyida davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda bog‘ hududida qurilish ishlari olib borilishi uchun ajratilgan yer maydonidagi daraxtlar tadbirkor tomonidan kerakli hujjatlar rasmilashtirmasdan noqonuniy ravishda boshqa joyga ko‘chirilganligi aniqlangan.

Tadbirkorga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1 qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan 1,35 mln so‘m jarima tayinlangan. U, shuningdek, o‘simlik dunyosiga 7,6 mln so‘m yetkazilgan zararni ham to‘lashi lozim.

Boshqa tadbirkorlar bilan birgalikda loyihani amalga oshirish uchun bog‘ hududidan yer sotib olgan Xitoyning Wan Li kompaniyasi vakili Kun.uz nashriga xatlangan 177 tup daraxtning 64 tupini park hududidan boshqa yerga ko‘chirib o‘tqazganini ma’lum qildi. Kompaniya qurilish tugaguncha ham biror daraxtga ziyon yetkazilmasligi, ko‘chirilgan daraxtlar ko‘karib ketguncha parvarishlanishi, shuningdek yana ko‘plab manzarali ko‘chatlar o‘tqazilishini aytmoqda.

Abdulla Qodiriy bog‘ida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida 2019 yil sentabr oyi o‘rtalarida e’lon qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil avgust oyida bog‘ga tashrifi chog‘ida uni rekonstruksiya qilishni topshirgandi.

2019 yilning noyabrida bog‘ni unga nomi berilgan yozuvchi yashagan davrni aks ettiruvchi etnoshaharga aylantirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi.

2021 yilning bahorida Hampton by Hilton brendi ostida ikkinchi mehmonxona qurilishi haqida xabar berilgan edi. Tashkent Park Abdula Kodiri Abdulla Qodiriy bog‘i ichida joylashadi. Quruvchi va investor Qozog‘iston BI Group hisoblanadi.

Yozda istirohat bog‘iga tashrif buyurgan Ekologik partiya vakillari «uning chiqindixonaga aylangani, investorlarga berilgan uchastkalardagi daraxtlar qurib qolganini» aytishgan edi.