Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘n kun muddatda kooperatsiya asosida aholiga 350 ming bosh qo‘y va echkini tarqatish ishlarini boshlashga topshiriq berdi. Bunga 100 million dollar yo‘naltiriladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Soha mutasaddilariga viloyat va tuman hokimlari bilan birga bir hafta muddatda 67 ta yirik qo‘y va echkichilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Viloyat hokimlari 2022 yilda qorako‘lchilik, qo‘ychilik, echkichilik va jun sanoatini rivojlantirish hisobiga 150 ming aholi bandligini ta’minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yil yakuniga qadar 123 ta yirik loyihani ishga tushirish, har bir klasterda kamida 500 boshli chorva komplekslari tashkil etilish choralari belgilab olindi.

Bunda, 500 gektar maydonda ozuqa ekinlarini almashlab ekishni yo‘lga qo‘ygan, 2021 yilda 1 ming boshga ega yirik chorvachilik kompleksini ishga tushirib, 2022 yil yakuniga qadar 400 tonna go‘sht va 1,5 ming tonna sut ishlab chiqarishni rejalashtirgan Gurlandagi «Gurlan Baraka teks» klasteri namuna sifatida aytildi.

Bunday chorva komplekslarini kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun:

  • 120 million dollar mablag‘ kredit resursi sifatida yo‘naltiriladi;
  • chetdan olib kelinadigan ozuqa ekish va o‘rish texnikalari bojxona bojlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi hamda ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha kechiktirib to‘lash tartibi joriy etiladi (bu texnikani 20 foizga arzon sotib olish imkonini beradi);
  • kredit va lizingga olinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari foiz xarajatining 10 foizdan ortiq qismi qoplab beriladi;
  • chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlari ajratiladi.

Yil yakuniga qadar 105 ta, kelgusi yilda 130 ta paxta va g‘alla klasterlarining har birida kamida 500 va 1 ming boshli chorva komplekslarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.