Prezidentning 14 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi [PQ-128-son] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot to‘lanadi.

Shuningdek, Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

Qaror bilan 2023 yil 1 yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi.

Ta’kidlanishicha, Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasida budjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun Qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovini amalga oshirish boshqarmasi tashkil etiladi va u 40 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrgacha Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

2022 yil 1 noyabrdan esa inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etilishi nazarda tutilgan.